Mahmudxoʻja Behbudiy 1875-yil 20-yanvarda Samarqand yaqinidagi Siyob volostining Baxshitepa qishlogʻida imom-xatib Behbudxoʻja Solihxoʻja oʻgʻli xonadonida tugʻilgan. Otasi Ahmad Yassaviy avlodidan. Otasining buvasi Niyozxoʻjaning asli kelib chiqishi urganchlik boʻlib, Samarqandga XVIII asr oxirida, amir Shohmurod hukmronlik davrida koʻchib kelgan. 1868-yilda rus askarlari Samarqandga bostirib kirgandan keyin otasi Behbudxoʻja oilasini olib Baxshitepa qishlogʻiga koʻchib oʻtgan va shu qishloqda imomlik qilgan. Behbudiyning onasi esa muftiy Odil Mansur oʻgʻlining singlisi boʻlgan.
Behbudiy dastlab otasidan Qur’on ilmini oʻrgangan, keyinchalik 6-7 yoshlarida togʻasi Muhammad Siddiq qoʻlida oʻqib, savod chiqargan. 15yoshida boshqa bir togʻasi Mulla Odil oʻzi mudarrislik qilgan madrasada oʻqitib taʼlim bergan
Behbudiylar oilasi maʼrifatparvar va ziyoli boʻlgan. Ikki singlisi ham oʻqib, tahsil olgan. Qur’onni yaxshi bilgan. Katta singlisi Huriniso „qoribegim“ unvoniga ega boʻlgan. 1893-yilda onasi, 1894-yilda otasi vafot etgan.
Behbudiy 18 yoshida Chashmai ob volostida qozi vazifasida ishlagan togʻasi Muhammad Siddiq qoʻl ostida mirzalik qilgan. Togʻasi oldida ikki yil ishlagach, mirzalik faoliyatini Kobud volosti qozisi Mulla Zubayr Yaxshiboy oʻgʻli qoʻlida davom ettiradi. Chunki bu paytda togʻasi qozilikdan boʻshatilgan. Mirza va qozilik bilan shugʻullanib, soʻng Jomboyda muftiylik darajasiga koʻtarilgan. Behbudiy Kabut boʻlisida 10 desyatina yerga egalik qilgan. Oʻziga toʻq va badavlat kishidir.
Behbudiy 1899–1900-yillarda buxorolik doʻsti Hoji Baqo bilan birga Makka va Madinada haj safariga otlangan. Shu sababli Rossiya, Arabiston, Misr, Turkiyani kezib chiqqan. Safar jarayonida sayohatning har qanday turi – poyezd, kema, otda va piyoda yurib dunyo kezgan. Sayohat davomida yangi maktab (usuli jadid) ochish fikri mustahkamlanib bordi. 1914-yili ikkinchi marta haj safari chogʻida Shom, Quddus, Odessa, Istanbul va boshqa shaharlarni kezgan. Oʻz sayohati davridagi xotiralarini Samarqandda nashr etilayotgan Oyna jurnalining tahririyatiga yuborib turgan.
1903–1904-yillarda Moskva, Peterburg, Orenburg, Qozon va Qrimda boʻlgan. Maorif sohasida Rossiya va tatar arboblari tajribasini oʻrgangan.
Muxamatdinov Asamatdiyin