«Qiroat» so‘zi arabcha masdar bo‘lib, lug‘atda «jamlash» va «qo‘shish» degan ma’noni bildiradi. Zotan, qiroat qilgan shaxs harflarni jamlagan va bir-biriga qo‘shgan bo‘ladi. Qur’oni Karim ham suralarni va o‘tgan ilohiy kitoblardagi ma’nolarni o‘zida jamlagani uchun Qur’on deb nomlangan. Ulamolar istilohida, xususan, Ibn Jazariyning ta’rifida esa: «Qiroatlar Qur’on kalimalarini ado etish kayfiyati haqidagi va ularning ixtiloflarini naql qiluvchiga nisbat beradigan ilmdir».
Ibn Jazariy qorining ta’rifida quyidagilarni aytadi: «Qori – qiroat olimi bo‘lib, uni og‘zaki rivoyat qilgan kishidir. Misol uchun, agar u «Tafsir» kitobini yod olgan bo‘lsa ham, agar o‘sha kitobdagi narsalarni silsilaga asosan, og‘izma-og‘iz olmagan bo‘lsa, uni boshqalarga o‘qitishga haqqi yo‘q. Chunki qiroatlar faqatgina eshitish va og‘zaki naql qilish bilan hukm qilinadigan narsadir». «Tafsir» – qiroat ilmining imomlaridan biri Abu Amr Doniyning yetti qiroatga bag‘ishlangan «At-Tafsir fil-qiroatil-ashr» nomli kitobidir. Ushbu ta’rifdan Qur’oni Karimni kitobdan o‘qib olgan, ovoz yozish vositalariga taqlid qilib o‘rganib olganlar va boshqa shu kabilar hech qachon qori bo‘la olmasligini anglab olamiz. Agar bir kishi o‘z holicha tajvid kitoblarini puxta o‘rgansa, so‘ng qiroatga oid boshqa kitoblarni ham yodlab, suv qilib ichib yuborgan bo‘lsa, o‘zi Qur’oni Karimni eng mashhur qorilarga o‘xshatib tilovat qilayotgan bo‘lsa ham, qori bo‘lmaydi. Faqatgina Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetadigan silsilaga a’zo bo‘lgan qoridan og‘zaki eshitib, yodlab, o‘sha ustozga qayta tilovat qilib, ijozatini olgan kishigina qori bo‘ladi.
Ulamolarimiz Qur’oni Karim va qiroatlar o‘ziga xos ikki alohida-alohida narsalar ekanini ta’kidlaganlar. Bu borada imom Zarkashiy quyidagilarni aytadilar: «Bilki, Qur’on va qiroatlar ayri-ayri ikki haqiqatdir. Qur’on Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bayon va e’joz – ojiz qoldirish uchun nozil bo‘lgan vahiydir. Qiroatlar esa o‘sha vahiy lafzlarining harflar yozilishi yoxud yengil, og‘ir va shu kabi talaffuz kayfiyatidagi turlichaligidir».
Alloh taolo “Yusuf” surasini, 2-oyatida shunday marhamat qiladi: “Albatta, Biz uni (Kitobni) anglashingiz uchun arabiy Qur’on tarzida nozil qildik”. Maʼlumki, arablar bir nechta nufuzli qabilalardan tashkil topgan. Har bir qabilaning shevasi mavjud. Mazkur qabilalarning shevasidagi farqlar soʻzning talaffuzda sezilib tursa-da, odatda, maʼnosiga katta taʼsir koʻrsatmaydi. Bu ham arab tilining jozibadorligi va keng qamrovli ekanining bir koʻrinishidir. Qurʼonning arab tilida “yetti harf”da nozil boʻlishi hikmatining siri ham shunda.
Imom Buxoriy «Jomi’us-sahih»larining «Tafsir kitobi» bobida Ibn Abbos (r.a.)dan shunday rivoyat qiladilar: «Rasululloh (s.a.v) aytdilar: «Jabroil (a.s) menga Qur’onni bir qiroat bilan o‘rgatdilar. Men Ul zotga murojaat qilib, qiroat yo‘lini ko‘paytirishni so‘radim. To qiroat yetti xilga yetmaguncha, men so‘rashdan, Ul zot esa ziyoda qilishdan to‘xtamadilar». Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) rivoyat qildilar: «Rasululloh (s.a.v.) dedilar: «Qur’on yetti harf (Hadisning arabcha matnidagi «yetti harf» so‘zi yetti qiroat, yetti lug‘at va yetti xil ma’no, deb tarjima qilinadi.)da nozil bo‘lgan. Har bir harfning ichki va tashqi holati mavjud. Har bir harfning haddi-chegarasi bor. Har bir had ochiq-oydin ma’lumdir». Imom Muslim rivoyatlarida Ubay ibn Ka’b shunday deydilar: «Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Makkaning bir mavze’ida edilar. Huzurlariga Jabroil (a.s.) kelib: «Rabbingiz sizga Qur’oni Karimni ummatingizga bir harfda o‘qib berishingizni buyurdi», — dedilar. Rasululloh (s.a.v.): «Men Parvardigorimning afv va mag‘firatini so‘rayman. Ummatim Qur’onni bir harfda o‘qishga qodir emas», dedilar. Ikkinchi marta kelganlarida: «Rabbingiz sizga Qur’oni Karimni ummatingizga ikki harfda o‘qib berishingizni buyurdi», — dedilar. Rasululloh (s.a.v.): «Men Parvardigorimning afv va mag‘firatini so‘rayman. Ummatim Qur’onni ikki harfda o‘qishga ham qodir emas», —dedilar.
Uchinchi marta kelganlarida: «Rabbingiz sizga Qur’oni Karimni ummatingizga uch harfda o‘qib berishingizni buyurdi», — dedilar. Rasululloh (s.a.v.): «Men Parvardigorimning afv va mag‘firatini so‘rayman. Ummatim Qur’onni uch harfda o‘qishga ham qodir emas», — dedilar. Jabroil (a.s.) to‘rtinchi marta kelganlarida: «Rabbingiz sizga Qur’oni Karimni ummatingizga yetti harfda o‘qib berishingizni buyurdi. Yetti harfdan qaysi birida o‘qisalar ham to‘g‘ri o‘qigan bo‘ladilar», dedilar. Qur’oni Karimning «yetti harf»da nozil bo‘lganligiga dalolat qiluvchi hadislar mutavotir darajasida bo‘lib, barcha sahih kitoblar, jumladan: Buxoriy, Muslim, Molik, Abu Dovud, Nasaiy, Termiziy va boshqa muhaddislarning «Sahih» va «Sunan»larida ulug‘ sahobalar Abu Hurayra, Ubay ibn Ka’b, Abdulloh ibn Mas’ud, Umar ibn Xattob, Ibn Abbos (r.a.) va boshqalardan rivoyat qilingan.
Ammo «yetti harf»dan murod nima ekanligi haqida ulamolar turli fikrlar bildirganlar. Abu Hotim Muhammad ibn Habbon al-Bustiyning yozishicha, bu borada o‘ttiz beshta fikr bildirilgan. Imom Qurtubiy «Al-Jomi’ li-ahkomil Qur’on» nomli tafsirida eng mashhur bo‘lgan beshta fikrni aytib o‘tgan: