Jonajon yurtimiz – O’zbekistonda vijdon erkinligi – insonning dinga e’tiqod qilishi bilan bog’liq konstitutsiyaviy huquqidir. Ushbu qoida insonning e’tiqodi bilan bog’liq huquqi va erkinliklarini kafolatlashi bilan bir qatorda uning tanlovi davlat tomonidan mahofoza qilinishini ham e’tirof etadi. Bushqacha qilib aytganda, har bir inson dinga e’tiqod masalasini belgilayotgan paytda hamda vijdon erkinligi bilan bog’liq boshqa hollarda uni u yoki bu tarzda majbur etishga yo’l qo’yilmaydi.
Afsuski, “o’rgimchak to’ri”da yoshlarni boshqa dinlarga da’vat qilayotgan “e’tiqod ovchilari” ham juda ko’p. Bunday kimsalar missionerlar dep atalib, ular ko’zlagan niyatiga qisman bo’lsa-da erishayotgani ko’pchilikni tashvishga solmoqda.“Facebook”, ‘’Odnoklassniki’’ va shu kabi boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi g’arazli guruhlar yoki to’dalar o’zlarining qabih niyatini amalga oshirish uchun hali ongi shakllanib ulgurmagan yoshlarni aqidalaridan adashtirish uchun tunu kun tinmay harakat qilishadi.
Ma’lumki, missionerlik muayyan bir dindagi kishilar o’rtasida bir dinni targ’ib etish maqsadida amalga oshiriladigan harakat bo’lib, uning jamiyat hayotiga ayanchli ta’sir ko’rsatishiga ayni paytda ko’pchiligimiz guvohmiz.
Missionerlar ta’lim va hayriya jamiyatlari, tashviqot muassasalari orqali kishilarni tuzoqqa ilintirish payida bo’ladilar.Ularning asosiy maqsadi qaysidir dinni targ’ib qilish yoki qaysidir dinni kuchsizlantirish emas, balki sizu biz yashab turgan yurtning tinchligiga rahna solish va taraqqiyotini barbod qilishdir. Ma’lumki missionerlar xuddi shu yo’l bilan bir necha davlatlarning ijtimiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotini izdan chiqardilar. Yaxlit bir xalq va millatni parokandalikka olib kelib ularni tabaqalarga bo’lib yubordilar. Oqibatda asrlar osha shakllanib kelgan milliy va diniy qadriyatlari oyoqosti bo’lishiga va nihoyat, yo’qolib ketishiga olib keldi. Missionerlar g’arazli niyatlarini amalga oshirishda ommaviy axborot va aloqa vositalaridan ham keng foydalanilmoqda. Missionerlik g’oyalarini targ’ib qiluvchi risola, jurnal va matnlar mahalliy tillarga tarjima qilinib, aholi o’rtasida tekin tarqatiladi. Sun’iy yo’ldosh orqali uzatiladigan o’nlab televidenie, radio, internet orqali keng targ’ibot-tashviqot ishlari olib borilishi natijasida dunyoda missionerlik harakatlari yoyilmoqda.
Ayrim yurtdoshlarimiz daromad topish maqsadida o’z kindik qonlari to’kilgan yurtni tashlab, olis va notanish yurtga bormoqda.Ularning aksariyati aynan missionerlarning tuzog’iga tushmoqdalar. Boshqa e’tiqod, boshqa mentalitet vakillari orasida yashagan yoshlarimiz o’z milliy ma’naviyatlaridan uzilib, o’zgalarning ruhiy-ma’naviy ta’siriga tushib qolishyapti. Hali imon-e’tiqodi shakllanib ulgurmagan yoshlar ish joylarida izg’ib yurgan turli missionerlar tuzog’iga ilinishmoqda. Xorijda ishlab kelgan yigitlar hikoyasiga ko’ra, ayrim vatandoshlarimiz u erda o’zga din vakillarining aldovlariga uchishgan. Bunda diniy e’tiqod emas, ko’proq berilayotgan pul va yaratilgan sharoitlar asosiy omil bo’lgani aniq.
Shunday ekan, biz har birimiz bunday yovuz kuchlardan jirkanishimiz, nafaqat jirkanishimiz, ularga qarshi umumiy shior ostida, bir tanu bir jon bo’lib kurashishimiz lozim. Ona yurtimiz tinchligini saqlash har birimizning asosiy burchimiz va vazifamiz hisoblanadi.
Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o’rta maxsus islom bilim yurti o’qituvchisi Jaloladdin Abdukarimov