Nukus shahridagi “Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy” o‘rta maxsus islom bilim yurti 1992 yildan o‘z faoliyatini boshlagan va unga buyuk alloma, tarix, geografiya, filologiya, astronomiya, matematika, geodeziya, mineralogiya, farmakologiya, geologiya va boshqa ko‘plab fanlarga oid qomusiy asarlar muallifi, O‘rta Sharqda ilk bor Yer Quyosh atrofida aylanishi mumkinligini aytib, Yerning aylana o‘lchamini aniqlagan olim Muhammad ibn Ahmad al-Beruniyning nomi berilgan.
Bilim yurtida talabalar zamon talablariga mos bilim olishi uchun barcha qulay imkoniyatlar yaratib berilgan. Xususan, eng zamonaviy o‘quv qurollari bilan jihozlangan o‘quv xonalari, axborot-resurs markazi, tahoratxona, oshxona, yotoqxona, sport zali, mini futbol maydonchasi, salomatlik xonasi, sartaroshxona talabalar ixtiyorida.
Bugungi kunga kelib bilim yurtida 148 nafar talabaga 21 nafar o‘qituvchi tomonidan ta’lim-tarbiya berib kelinmoqda.
Bilim yurtida ta’lim olayotgan talabalarga maxsus diniy fanlardan tashqari, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-gumanitar fanlar, tabiiy fanlar, aniq fanlar va shu bilan bir qatorda hozirgi vaqtda dunyoda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar, Vatanimiz tarixida iz qoldirgan ulug‘ mutafakkir olimlar, ularning asarlarining bugungi kundagi ahamiyati haqida ham maxsus darslar o‘tiladi.
Bilim yurti o‘qituvchilari va talabalari O‘zbekiston miqyosidagi diniy bilim yurtlari o‘rtasida o‘tkazilib kelinadigan turli tanlovlarda, bellashuvlarda va sport musobaqalarida munosib qatnashib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Jumladan, bilim yurti talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjid va madrasalar o‘rtasida diniy-ma’rifiy sohani yanada rivojlantirish maqsadida har yili tashkil etiladigan “Sarhisob” tanlovida 2014–2017 yillari “Radio yo‘nalishi bo‘yicha” faxrli 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2020 yili esa «Televidenie yo‘nalishi bo‘yicha» «Odoblar xazinasi» ko‘rsatuvi faxrli 2-o‘ringa munosib deb topildi.
Diniy bilim yurtlari talabalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan “Barkamol avlod–2017”, “Barkamol avlod–2019” sport musobaqalarida bilim yurti talabalari jamoviy hisobda birinchi o‘rinni egallashga muyassar bo‘lgan bo‘lsa, “Barkamol avlod–2022” sport musobaqalarida bilim yurti faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Diniy bilim yurtlari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Biz yoshlar yot g’oyalarga qarshimiz–2017” intellektual bellashuvida ham talabalarimiz faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishgan.
Bilim yurti bitiruvchisi Yo‘ldashboy Nuriddinov bir necha bor diniy bilim muassasalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Qur’on musobaqalari g‘olibi, 2013 yili Quvayt davlatida bo‘lib o‘tgan xalqaro Qur’on musobaqasining 7-o‘rin egasi, Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilgan «O‘zbekiston Qur’on musobaqasi–2018» tanlovining gran-pri sohibi, Prezident sovg‘asi g‘olibi ekanligi bilan doimo faxrlanamiz.
2022 yili o‘rta maxsus va oliy diniy ta’lim muassasalari o‘rtasida «Vatanni sevish iymondandir» mavzusidagi insholar tanlovida bilim yurti talabasi A.Atamuratov faxrli 3-o‘rinni egallashga muyassar bo‘ldi.
O‘tgan yillar davomida bilim yurti mudarrislaridan 5 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Qoraqalpog‘iston xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.