Kibr – insonning o‘zini boshqalardan ustun qo‘yishi, o‘zining kamchiliklarini tan olmay, o‘zini har jihatdan mukammal deb bilishi bilan namoyon bo‘ladi. Bunday kayfiyatga ega bo‘lgan odam ko‘pincha o‘z atrofidagilarning fikrlarini mensimaydi va ularning maslahatlarini rad etadi. Ammo tarixda va kundalik hayotda ham ko‘plab misollar bor, bu kabi xulq-atvorning oqibatlari insonni qanday muammolarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatadi. Eng muhim jihati, kibr kirgan boshga ilmning kirmasligidir.
Ilm — bu insonni taraqqiyot sari yetaklovchi kuchdir. Ilm olish, fikrlash, izlanish — bularning barchasi insonning kamol topishiga yordam beradi. Biroq, kibrli odam uchun ilm olish qiyin kechadi, chunki u o‘zining cheklangan bilimlariga ishonib, yangi narsalarni o‘rganishni o‘ziga ortiqcha deb biladi. Kibrli odam uchun bilim olish nafaqat ortiqcha, balki hatto xavfli ko‘rinadi, chunki u yangi bilimlar uning mavjud dunyoqarashini, obro‘sini yo‘qqa chiqarishi mumkin deb o‘ylaydi.
Bu kabi munosabatning natijasida inson ma’naviy va intellektual jihatdan o‘sishni to‘xtatadi. O‘zining kamchiliklarini tan olish va ularni tuzatishga intilish, bilim olish va yangi tajribalarni qabul qilish bilan bog‘liq bo‘lgan taraqqiyot imkoniyatlari cheklanadi. Kibrli odam atrofdagilardan uzoqlashadi, o‘zini yakkalashadi va jamiyat bilan aloqasi zaiflashadi. Bu esa uning hayotiga yangi imkoniyatlar kirib kelishini yanada qiyinlashtiradi.
Islomda, xususan, kibrli odamlar haqida ogohlantiruvchi oyatlar va hadislarga ko‘p duch kelamiz. Misol uchun, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Kimda-kim qalbida zarracha miqdorida kibr bo‘lsa, u jannatga kirmaydi.» Ushbu hikmat kibrning naqadar zararli ekanini yaqqol ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, kibr insonning taraqqiyot yo‘lini to‘sadigan eng katta to‘siqlardan biridir. Kibr kirgan boshga ilm kirmasligi, insonning kamolotiga zarar yetkazadi va uni ma’naviy va intellektual jihatdan pastga tortadi. Shuning uchun ham har bir inson o‘zini tekshirib, kibrdan xoli bo‘lishga, o‘z ustida ishlashga, ilm izlashga doimo intilib yashashi zarur.
Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy oʻrta maxsus islom bilim yurti matbuot kotibi A.Nurimbetov