XII – XIII asr tasavvufining eng yorqin va eng uluǵ namoyandalaridan biri boʻlmish uluǵ mutafakkir olim Najmiddin Kubro ana shunday buyuk zotlardan biridir. Najmiddin Kubro 1145 yilda Xiva shahrida dunyoga keladi:- uning asl nomi Ahmad ibn Umar ibn Muhammad al–Xevakiy al– Xorazmiydir. Otasi Umar onasi Bibi Hojar (hozirda qabri Xiva yaqinidagi Sayot qishloǵida). “Najmiddin”, “Kubro”, “Abuljannob”, “Valiytarosh” soʻzlari bul zotga berilgan laqab, unvon va kuniyatdir.
Mashhur shayx, yirik tasavvuf olimi, xalq qahramoni va otashnafas shoir Najmiddin Kubro (نجم الدين الكبرى) Xiva yaqinidagi hozirgi Sayot qishloǵida tuǵilgan. Uning toʻliq ismi — Ahmad ibn Umar Abuljannob Najmiddin al-Kubro al-Xivaqiy al-Xorazmiy. «Shayxi valiytarosh» — «Avliyolar etishtiradigan shayx» nomi bilan shuhrat qozongan bu uluǵ inson tasavvufdagi mashhur kubraviya tariqatiga asos solgan. Bu tariqat ahllari xufiya zikrni tarǵib etganlar. Kubraviya talimoti asosan Markaziy Osiyo va qisman Eronga tarqalgan.
Najmiddin Kubroning oʻnga yaqin asarlari fanga malum. Uning, ayniqsa, «Al-usul al-ashara» («Oʻnta usul»), «Favoyih ul-jamol va favotih ul-jalol» («Jamol xushboʻyliklari va jalolning kashfi»), «Risolat ul-hoif ul-hoim an lavmat il-loim» («Qoʻrquvchi ovvoralar va malomat etguvchi malomatiylar haqida»), «Tafsir», «Sharh us-sunna val-masolik» («Sunna va ezguliklar sharhi») kitoblari mashhur. Kubro oʻz asarlarini asosan arab tilida yozgan. Faqat boshlovchi soʻfiylar uchun qoʻllanma sifatida yaratilgan «Fi odob us-solikin» («Soliklar odobi haqida») asari va ruboiylarini forsiyda bitgan. Ingliz sharqshunosi J.S.Trimingem «Soliklar odobi haqida» asari tasavvufning eroniylashuvida muhim bosqich boʻlganligini qayd etadi.
Najmiddin Kubro islom ahkomlari va tasavvuf talablarini xalq oʻrtasida nazariy jihatdan tarǵib-tashviq qilish bilangina kifoyalanmay, oʻzining mardona xatti-harakati bilan uni amalda ham koʻrsatadi. Gap shundaki, moʻǵul galalari Xorazm tuproǵiga bostirib kelganida u boshqa oʻlkalardan kelgan muridlarining begona zaminda oʻlib ketishlarini istamay, ularni tuǵilgan yurtlariga joʻnatib yuboradi, oʻzi esa shahar mudofaasiga otlanadi. Shogirdlarining birga ketish toʻǵrisidagi takliflariga javoban: «Men shu erda shahid boʻlaman. Menga Xorazmni tark etishga ruxsat yoʻq!» — deydi va qoʻliga shamshir tutib, qoʻyniga tosh toʻldirib, yov qarshisiga chiqadi. Ularga tosh otadi, bir nechtasini nayza bilan urib yiqitadi. Dushmanlar unga kamondan oʻq uzadilar. Oʻqlardan biri Shayxning koʻkragiga sanchiladi. Shahid boʻlayotgan paytda u dushman qoʻlidan bayroǵini tortib olib, shu darajada mahkam siqib ushlaganki, oʻn kishi boʻlib ham uning qoʻlidan bayroqni olisholmagach, barmoqlarini kesishga majbur boʻlishgan.
Bazi bir tadqiqotchilar Kubroning «Ruboiylar» kitobi ham mavjudligi toʻǵrisida malumot bergan boʻlsalar-da, bu noyob toʻplam hali topilgan emas. Biz faqat atoqli sharqshunos E.E.Bertels tomonidan Kubro qalamiga mansubligi taxmin qilinib, turli tazkira va bayozlardan tanlab olingan va olimning «Tasavvuf va tasavvuf adabiyoti» kitobida keltirilgan 25 ta ruboiygagina egamiz . Eronda nashr etilgan «Ruboiynoma» toʻplamida ham shayx-shoirning 8 ta ruboiysi keltirilgan boʻlib, ulardan faqat bittasi E.E. Bertels keltirgan ruboiylar orasida uchramaydi . Demak, hozirgacha bizga buyuk vatandoshimiz ijodiga tegishli 26 ta ruboiy malum. Bu ruboiylar nisbatan qisqa fursat ichida uch marta oʻzbek tiliga oʻgirildi. Dastlab Jamol Kamol ularni ananaviy vazni va mumtoz uslubini saqlagan holda oʻzbekchalashtirdi . Keyin Najmiddin Kubro tavalludining 850 yilligi munosabati bilan Matnazar Abdulhakim bu ruboiylarning yangi tarjimasini amalga oshirdi .
Najmiddin Kubro qalamiga mansub ruboiylar, asosan, tasavvuf dunyoqarashi tarǵibiga — Haqiqatni izlash, Ollohga boʻlgan ishqni kuylash, Haq yoʻliga davat qilish, Olloh muhabbatini qozonish maqsadida tariqatga kirgan solikning hol va maqomotning turli bosqichlaridagi oʻy va kechinmalari, ranju iztiroblarini tasvirlash, soʻfiy-darveshlarni uluǵlash, Haqning mazhari boʻlmish mashuqa goʻzalligini tarif-tavsif etish, goh visol umidi, goh hijron azobidagi oshiq holatini ifodalashga baǵishlangan. Bu ruboiylarda ishqni tark etish tilagi, butxonaga mayl, shahid boʻlish orzusi, faqru fano va boshqa tasavvufiy holat-kechinmalar xususida ham soʻz boradi.
Bilim yurti oʻqituvchisi I.Sabirbaev